Welcome to Ўзбекистон Тадбиркорлик, бизнес ва хизмат кўрсатиш соҳалари ходимлари касаба уюшмаси   Click to listen highlighted text! Welcome to Ўзбекистон Тадбиркорлик, бизнес ва хизмат кўрсатиш соҳалари ходимлари касаба уюшмаси
Ўзбекистон Тадбиркорлик, бизнес ва хизмат кўрсатиш соҳалари ходимлари касаба уюшмаси

“Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida obodonlashtirish sohasi xodimlari va ularning farzandlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Ushbu ulug‘ ayyom arafasida mehnatkashlarning fidokorona mehnatini e’tirof etish, ularni rag‘batlantirish va oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi hamkorligida Samarqand shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari va ularning farzandlari ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi U. Muhamedov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi raisi S. Rafikov ishtirok etib, yig‘ilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdilar.

Ta’kidlanganidek, obodonlashtirish sohasida mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarning kundalik mashaqqatli va mas’uliyatli mehnati shahar qiyofasini yanada obod va ko‘rkam etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular yilning har qanday faslida shahar ko‘chalari, mahallalar, xiyobonlar va jamoat joylarining tozaligi va obodligini ta’minlash, yashil hududlarni asrash va kengaytirish, aholi uchun munosib muhit yaratish yo‘lida sidqidildan mehnat qilmoqda.

Tadbir davomida sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning mehnati alohida e’tirof etilib, ularga kasaba uyushmalarining e’tibori va g‘amxo‘rligi izhor etildi.

Kitob — ma’naviyat va ma’rifat manbai

Tadbir doirasida ishchi-xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish maqsadida Obodonlashtirish boshqarmasi hududida kasaba uyushmasi tomonidan mo‘jazgina «Kutubxona» tashkil etildi.

Yangi kutubxona 300 dan ortiq badiiy, ilmiy-ommabop, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlandi.

Mazkur tashabbus xodimlarning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishi, kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini oshirishi va jamoada sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sog‘lom turmush tarzi — barkamol hayot asosi

Ishchi-xizmatchilarning jismoniy faolligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida ularga turli sport inventarlari ham topshirildi.

E’tiborlisi, bu kabi tashabbuslar kasaba uyushmalarining xodimlarning nafaqat mehnat huquq va manfaatlarini himoya qilish, balki ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlariga ko‘maklashish borasidagi faoliyatining amaliy ifodasidir.

Farzandlar e’tibor va g‘amxo‘rlik markazida

Bayram tadbirida xodimlarning oila a’zolari, ayniqsa, farzandlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yangi o‘quv yili arafasida ishchi-xizmatchilar farzandlariga maktabda ta’lim olishlari uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari taqdim etildi.

Bu kabi ezgu amallar ota-onalarga madad bo‘lish bilan birga, farzandlarni yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyat va munosib tayyorgarlik bilan boshlashlariga xizmat qiladi.

«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» — yangi taassurotlar sari

Tadbirda xodimlarning madaniy hordiq chiqarishi va yurtimizning tarixiy-madaniy hamda diqqatga sazovor maskanlarini ziyorat qilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida Obodonlashtirish boshqarmasida mehnat qilayotgan xodimlarga mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilish uchun maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu tashabbus ishchi-xizmatchilarning munosib dam olishini ta’minlash, ularning yurtimiz tarixi va betakror tabiati bilan yaqindan tanishishi, shuningdek, jamoada hamjihatlik va ko‘tarinki kayfiyatni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Bayram tadbiri davomida samimiy muloqotlar, ezgu tilaklar va iliq taassurotlar hukm surdi.

 

Print Friendly, PDF & Email
Click to listen highlighted text!