«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad!» g‘oyasi ostida hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida «35 yilga — 35 ko‘chat!» shiori ostida ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus O‘zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, uning viloyat birlashgan qo‘mitalari hamda mas’ul tashkilotchilari ishtirokida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari bog‘ida amalga oshirildi.
Aksiya davomida ishtirokchilar tomonidan 35 tup manzarali va mevali ko‘chatlar ekilib, ularni parvarishlash va asrab-avaylash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda ekologik madaniyatni yuksaltirish, yashil hududlarni kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish, shuningdek, Mustaqillikning 35 yilligiga munosib amaliy tuhfa yaratishdan iborat.
Shuningdek, aksiya mehnat jamoalarida jamoaviylik, hamjihatlik va Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, xodimlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga keng jalb etishga xizmat qildi.
Ko‘chat ekish jarayonida ishtirok etganlar ta’kidlaganidek, bugun ekilayotgan har bir ko‘chat — kelajak avlod uchun qoldiriladigan ezgu merosdir. Ularning sog‘lom o‘sib, ulkan daraxtlarga aylanishi esa yurtimiz shahar va qishloqlarining yanada obod, ko‘rkam va ekologik jihatdan barqaror bo‘lishiga hissa qo‘shadi.
«35 yilga — 35 ko‘chat!» aksiyasi orqali Mustaqilligimizning 35 yilligiga nafaqat ramziy, balki amaliy ma’noga ega bo‘lgan munosib tuhfa yaratildi.
«35 YILGA — 35 KO‘CHAT!»
- “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!”
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!